O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari

Siyosiy jabhada. Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini 1991-yil 27-dekabrda tan olgan. 1992-yil 2-yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarning barcha jabhalarini qamrab olgan bo‘lib, do‘stona va o‘zaro manfaatdorlik ruhida olib borilmoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonchli aloqalar hamkorlikning asosini tashkil etadi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni olib borishda tomonlarning terrorizm, ekstremizm, separatizm, narkotrafik, noqonuniy qurol savdosi va xavfsizlikning boshqa tahdidlari bo‘yicha qarashlarning mushtarakligi va yaqingligi muhim o‘rin egallaydi. Doimiy tarzda ikki davlat rahbarlarining tashriflari va uchrashuvlari o‘tkazilib kelinmoqda. 1992-, 1994-, 1999-, 2005-, 2011-, 2012- va 2014-yillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov Xitoyga tashrif qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2001- va 2006-yillarda Shanxay shahriga hamda 2012-yil Pekin shahriga ShHT sammitlarida ishtirok etish uchun, shuningdek 2008-yil Pekin shaharlariga 29-yozgi Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan. 2014-yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengashning Shanxay shahrida o‘tkazilgan IV sammiti yig‘ilishidagi ishtiroki davomida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Javob tashriflari sifatida Xitoy Xalq Respublikasi raislaridan Szyan Szemin (1996-yil), Xu Szintao (2004-yil, 2010-yil), Si Szinpin (2013-yil). O‘zbekistonga tashrif buyurishgan. 2011-yil 19-20-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning Xitoyga uyushtirilgan tashrifi chog‘ida tomonlar o‘rtasida davlatlararo va idoralararo hamkorlikka doir qator hujjatlar imzolangan. Jumladan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi” Bitim ikki tomonlama hamkorlikning istiqboldagi rivojlanishi uchun mustahkam asos bo‘ldi. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida hukumatlararo O‘zbekiston-Xitoy hamkorlik qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi va uning I yig‘ilishi 2011-yilning 26-27-oktabr kunlari Pekin shahrida, II yig‘ilishi 2013-yil 30-oktabrda Toshkent shahrida o‘tkazildi. Qo‘mita doirasida hamkorlikning turli sohalari bo‘yicha 7 ta kichik qo‘mitalar shakllantirildi. O‘zbek-xitoy munosabatlari rivojining muhim bosqichi bo‘lib 2012-yil 5-7-iyun kunlari Xitoyga amalga oshirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning rasmiy tashrifi xizmat qildi va tomonlar O‘zbekiston va Xitoy strategik sheriklik to‘g‘risidagi Qo‘shma Deklaratsiyani, umumiy qiymati 5,3 milliard AQSh dollariga teng 45 bitim va shartnomalarni imzolashdi. 2013-yil 8-10-sentabr kunlari XXR raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga uyushtirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabalarning rivojidagi tarixiy voqea bo‘ldi. Tomonlar Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Si Szinpinning O‘zbekistonga ilk tashrifi chog‘ida jami qiymati 15 milliard AQSh dollariga teng 31 ta hujjat imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 2014-yil 19-20-avgust kunlari XXRga qilgan davlat tashrifi o‘zbek-xitoy munosabatlari rivojining muhim bosqichi bo‘ldi va tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2014-2018-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish Dasturi qabul qilindi. 2013-yil 28-29-noyabr kunlari O‘zbekistonga uyushtirilgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyannning rasmiy tashrifi davomida tomonlar o‘rtasida idoralararo, investitsion va madaniy aloqalarni mustahkamlashga doir 7 ta hujjat imzolandi. 2004-2014-yillar oralig‘ida Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 12 ta davrasi va ShHT doirasida hamkorlik bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi. Iqtisodiy jabhada O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi bilan strategik hamkorlikni mustahkamlash, keng savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishni o‘zaro manfaatdorlik va teng huquqlilik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘radi. 1992-yil imzolangan Savdo-iqtisodiy bitimga ko‘ra ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi o‘rnatilgan. Xitoy O‘zbekistonning savdo sheriklari orasida eng yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2013-yil yakunlariga bo‘yicha ikki tomonlama tovar ayirboshlash $4,75 mlrd. yetgan bo‘lsa, shundan $2,36 mlrd. eksportni va $2,39 mlrd.ni import tashkil etgan. Ikki tomonlama sarmoyaviy sheriklik 2010-yil imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va XXR Hukumatlari o‘rtasida noxomashyo va yuqori texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Bugun O‘zbekiston va Xitoy turli loyihalar, avvalambor, yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalarni hayotga tatbiq etish borasidagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Shu jumladan O‘zbekiston 2011-yilda XXR rahbariyati tomonidan ilgari surilgan Xitoy kompaniyalari ishtirokidagi O‘zbekiston – Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parkini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. 2013-yilning mart oyida ushbu park “Jizzax” maxsus industrial zonasi sifatida tashkil etildi va u Sirdaryo viloyatida o‘z filialiga ega bo‘ladi . Bir qator Xitoy kompaniyalari respublikamiz hududida uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston «O‘zbekiston-Xitoy» gaz quvuri va «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Moliyaviy sohadagi hamkorlik, xususan, Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki bilan aloqalar faol rivojlanmoqda. Respublikamizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 540 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 80 tasi 100 foiz Xitoy sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Mamlakatimizda Xitoyning 73 kompaniyasi vakolatxonalari ishlab turibdi. Madaniy-gumanitar jabhada Ta’lim sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda, idoralararo aloqalar doirasida talaba va amaliyotchilar almashinuvi keng yo‘lga qo‘yilgan. 2005-yil may oyidan Toshkentda xitoy tili va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha Konfutsiy instituti faoliyat yuritib kelmoqda va hozirgi kunga kelib dargohda 350 dan ziyod tinglovchilar, talabalar, savdogarlar va ilmiy ishchilar tahsil olishmoqda. Institut tashkil qilinganidan beri 2,5 mingdan ortiq kishi o‘quv kurslaridan o‘tdi. 2013-yil sentabr oyidagi XXR raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Samarqand shahrida yana bitta Konfutsiy institutini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi. Ikki tomonlama kelishuvga muvofiq va ShHT doirasida XXR hukumati 2014-2015-o‘quv yilida o‘zbekistonlik 120 talaba va stajyorga grant ajratdi. Konfutsiy nomidagi institut orqali Lanchjou universitetida o‘zbekistonlik 50 yaqin talaba tahsil olmoqda. 2012-2013-o‘quv yilidan boshlab Pekin chet tillar universitetida o‘zbek tili o‘qitilishi yo‘lga qo‘yildi. 2013-yil 15-may kuni Shanxay shahrida Xitoyda birinchi marta Shanxay universiteti huzuridagi ShHT xalq diplomatiyasi ilmiy tadqiqot instituti negizida “O‘zbekiston tadqiqotlari va ta’lim almashuvlari markazi” ochildi. 2013-yil noyabr oyida tomonlar o‘rtasida 2014-2017-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlikka oid dastur qabul qilindi. Ikki tomonlama madaniy munosabatlarni mustahkamlashda 1998-yil tashkil qilingan “O‘zbekiston – Xitoy” va 2007-yil o‘z faoliyatini boshlagan “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do‘stlik jamiyatlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. 2010-yildan O‘zbekiston Respublikasiga Xitoy fuqarolarining guruh bo‘lib sayohat qiladigan turistik mamlakat maqomini berish jarayoni boshlandi. 2013-yil noyabr oyida O‘zbekistonga uyushtirilgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyannning rasmiy tashrifi davomida tomonlar o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolandi. Ikki davlat o‘rtasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida Toshkent –Shanxay , Navoi – Chjuchjou (Xunan provinsiyasi), Samarqand-Sian (Shensi provinsiyasi) shaharlari, Toshkent – Xunan, Samarqand va Shensi viloyatlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatilgan.